Jahon va O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimlarida gidroto‘plash elektr stansiyalarining o‘rni va ahamiyatining tahlili
Referat
Dolzarbligi: zamonaviy energetikada energiya tizimlarining ishonchliligi va samaradorligiga qo‘yiladigan talablarning ortib borishi, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarishda shamol va quyosh texnologiyalaridan keng miqyosda foydalanish tufayli energiya saqlash tizimlaridan foydalanish dolzarb bo‘lib bormoqda. Bunday hollarda, energiya saqlash tizimlarining turini, quvvatini va ishlash muddatini tanlash masalalarini hal qilish ayniqsa muhimdir.
Maqsad: tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tizimi uchun energiya saqlash tizimlariga bo‘lgan talabni, energiya saqlash tizimlarining turi va quvvatini aniqlashdan iborat.
Usullari: jahon energetika tizimlarida energiyani saqlashning o‘rni, ahamiyati va usullarini, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng miqyosda foydalanish holatida energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish va joriy etishning asosiy trendlarini tahlil qilish va shu tahlil asosida O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimidagi energiya saqlash tizimlarining turi va quvvatini aniqlash.
Natijalar: kunlik energiya ishlab chiqarishni rostlash orqali respublika energetika tizimining optimal va ishonchli ishlashini ta’minlash uchun gidroto‘plash elektr stansiyalarining zarur ulushi barcha elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatining 10...12% ni tashkil etadi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilga borib rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati 29...30 GVt gacha bo‘lgan holda, yaratilayotgan gidroto‘plash elektr stansiyalari quvvati kamida 2,0...3,0 GVt bo‘lishi kerak.