Qishloq namunaviy uylarining gibrid issiqlik ta’minoti tizimini modellashtirish
Referat
Dolzarbligi. ushbu maqolada namunaviy qishloq uyining gibrid isitish tizimi (GIT) o‘rganilgan bo‘lib, u an’anaviy isitish tizimi va qozon qurilmasidan (QQ) iborat isitish, elektr suv isitgichli issiq suv ta’minoti (IST) va qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM) asosidagi (INQ, QK) kombinatsiyalashgan tizimdan iborat. Taklif qilingan GITda asosiy QTEM asosidagi energiya qurilmalari sifatida bug‘ kompressorli issiqlik nasosi (BKIN) va quyosh kollektoridan (QK) foydalaniladi. INQ ning asosiy issiqlik-texnik parametrlariga issiqlik ishlab chiqarish va isitish koeffitsiyenti kiradi, quyosh kollektorida esa muhim ko‘rsatkich issiqlik ishlab chiqarish va kollektorning samaradorligi (FIK) hisoblanadi. Ushbu parametrlarni aniqlash uchun namunaviy qishloq uyining GIT energiya balansi tenglamasi taklif qilingan.
Maqsad: an’anaviy qozon qurilmali (QQ) isitish tizimi, issiq suv ta’minoti (IST), elektr suv isitgichi (ESI) va qayta tiklanadigan energiya manbalari (INQ va QK) ning kombinatsiyasidan iborat bo‘lgan namunaviy qishloq uyining gibrid issiqlik ta‘minoti tizimini (GITT) modellashtirish va tadqiqot qilishdan iborat.
Usullar: tadqiqot ishida matematik modellashtirish usullari, issiqlik texnikasining nazariy asoslari, o‘xshashlik nazariyasi, issiqlik uzatish jarayonlarini eksperimental tadqiqot qilish va eksperimental natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan.
Natijalar: taklif qilingan matematik model (1) namunaviy qishloq uyi uchun GIT ishlab chiqarish va iste’mol qilish, shuningdek tizimning asosiy qurilmalarining har bir soatlik ishlashidagi issiqlik va elektr energiyasi parametrlarini olish imkonini beradi. Qashqadaryo viloyatida qurilgan namunaviy qishloq uylarining issiqlik balansini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, 144 m² isitish maydoni va 432 m³ isitish hajmiga ega namunaviy qishloq uyida isitish tizimining o‘rtacha issiqlik yuklamasi 13,8÷4,0 kVt, sovutish tizimiga 10,1 kVt, issiq suv ta’minoti tizimiga esa 1,3 kVtni tashkil qiladi. INQ asosidagi GIT ning energiya samaradorligi hisob-kitoblarimizga ko‘ra 57÷60% ni tashkil etadi, ya’ni INQ ni namunaviy qishloq uylarining isitish tizimlarida qo‘llash, isitish mavsumida an’anaviy yoqilg‘i sarfini 1,57÷1,60 barobar kamaytiradi. 144 m² maydonga ega namunaviy qishloq uyi isitish davrida INQni qo‘llash 1900 m³ tabiiy gazni tejashga imkon beradi. Isitish davrida tabiiy gazning o‘rtacha sarfi 3300÷4000 m³ bo‘lsa, gazni tejash miqdori 57÷48% ni tashkil qiladi. QK qo‘llash esa 33÷27% gazni tejashga olib keladi, “INQ+QK” kombinatsiyalashgan GIT da esa yoqilg‘ini tejash miqdori 75÷90% gacha yetadi.