Elektr energiyasi solishtirma sarfini aniqlashning matematik modeli va algoritmi
Referat
Dolzarblik: ishning dolzarbligi toʻqimachilik sanoatida xususan ip-yigiruv korxonalarida elektr energiyasi iste’molini ta’sir qiluvchi faktorlarni aniqlashdan iborat. Har qanday sanoat sohalarida hamda sanoat korxonalarida elektr energiya iste’moliga ta’sir qiluvchi faktorlarni aniqlash elektr energiya iste’moli samaradorligini oshirishga hamda elektr energiyasidan foydalanishda tejashga bevosita yoqilg’i-energetika resurslaridan oqilona foydalanishga olib keladi. Elektr energiyasi iste’moliga ta’sir qiluvchi faktorlar ham bir necha guruhlarga ajratiladi. Har bir soha boʻyicha ularni ta’sir guruhlariga boʻlib oʻrganish energiya samaradorlik boʻyicha olib borilayotgan ishlarni osonlashtirishga xizmat qiladi. Xususan, ushbu ishda ip-yigiruv korxonalarining elektr energiyasi iste’moliga ta’sir etuvchi faktorlarni 4 guruhga ajratilib, ushbu guruhlardagi 10 ta faktorni elektr energiyasi iste’moliga ta’sir etuvchi faktorlar sifatida tanlab olingan. Hamda, ajratib olingan faktorlarni ta’sir etish darajasi ekspert baholash usuli yordamida tanlanib va regression tahlil asosida tekshirilgan hamda elektr energiyasi solishtirma sarfining matematik modeli va algoritmi ishlab chiqilgan.
Maqsad: elektr energiyasi iste’moliga ta’sir etuvchi faktorlarni aniqlash yordamida elektr energiyasi solishtirma sarfini aniqlashning matematik modeli va algoritmini ishlab chiqishdan iborat.
Usullar: elektr energiyasi iste’moliga ta’sir etuvchi faktorlarni aniqlashda ekspert baholash usulidan foydalanilgan boʻlib, elektr energiyasi solishtirma sarfini aniqlashning matematik modeli va algoritmini ishlab chiqishda korrelyatsion hamda regression tahlildan hamda uning adekvatliligini baholashda Fisher mezoni va nisbiy xatolik usullaridan foydalanilgan.
Natijalar: ip-yigiruv korxonalarida elektr energiyasi iste’moliga ta’sir etuvchi faktorlarni aniqlash yordamida elektr energiyasi solishtirma sarfining matematik modeli va algoritmi ishlab chiqilgan. Hamda, ishlab chiqilgan matematik model Fisher mezoni va nisbiy xatolik usullari yordamida adekvatlik tekshirilganda matematik modelni qiymatlari – 244, Fisher mezonini jadval qiymati – 432 dan kichikligi va modelning nisbiy xatoligi [-0,4÷2,19 %] oralig’ida ekanligi ishlab chiqilgan modelning adekvat ekanligini asoslaydi.