Sinxron generatorlarni qo‘zg‘atish tokini nazorat qilish asosida ishonchliligini oshirish
Referat
Dolzarblik: Ushbu maqolada sinxron generatorlarning qo‘zg‘atish tokini nazorat qilish asosida uning ishonchliligini oshirish usuli ishlab chiqilgan. Sinxron generatorning qo‘zg‘atish cho‘lg‘amlari o‘zgarmas tok manbasidan ta’minlanadi hamda qo‘zg‘atish tizimi ishlab chiqarilgan quvvatni boshqarish va himoya qilish elementlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu usulning boshqa mavjud usullardan farqi shundaki, generator qo‘zg‘atish tokining o‘zgarish sabablari Matlab/Simulink dasturi yordamida ko‘rsatib berilgan.
Maqsad: Mazkur usulni amaliyotga joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad generatorlarning ishlash davrida qo‘zg‘atish cho‘lg‘amlarini izolyatsiyasini shikastlanishini, quvvat o‘zgarishlarini, elektr tarmog‘iga beriladigan kuchlanishning tushuvlari bilan bog‘liq bo‘ladigan avariyalarini oldini olish orqali ularning normal ishlash davrini uzaytirish, texnologik jarayonning uzliksizligini ta’minlash, generatorning texnik - iqtisodiy qismlariga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish hamda iste’molchilarini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlashdan iborat.
Usullar: Tadqiqotni tizimli yondashuv, regression tahlil va eksprerimentni nazariy rejalashtirish metodlari orqali olib borilgan. Elektr stansiyasi bir qancha qurilmalardan tashkil topgan bo‘lib bir-biriga bog‘liq ravishda ishlaydi. Shuning uchun tizimli yondashuv murakkab tizimlarni tasvirlashda muhim rol o‘ynaydi. Sinxron generatorlarni qo‘zg‘atish tokini nazorat qilishda elektromexanik parametrlarini vaqtga bog‘liq holda o‘zgarish funksiyasini matematik kutilma orqali tasvirlash va optimal yechimni topish uchun regression tahlil metodidan foydalanish qulayroqdir.
Natijalar: Tadqiqot natijalari “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ da ishlab turgan 110 MVatt quvvatli sinxron generator parametrlari asosida olingan. Elektr stansiyalarida joylashgan sinxron generatorlarni qo‘zg‘atish tokini nazorat qilishda generatorning stator xamda rotor cho‘lg‘amlarining izolyatsiyasini shikastlanishi, kuchlanish tushuvlarini, tarmoqga beriladigan quvvat o‘zgarishlarini, texnologik jarayonning uzluksizligini, generatorlarning texnik-iqtisodiy qismlariga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish, iste’molchilarni uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash orqali energiya ta'minoti ishonchliligi va barqarorligini oshirishga erishildi.