Nasos agregatlarini avtomatik boshqaruv modelini ishlab chiqish hisobiga suv ta’minoti korxonasining samaradorligini oshirish
Referat
Dolzarbligi: urbanizatsiya jarayonining kuchayishi va sanoatlashuvning tezlashishi bilan dunyo bo‘yicha energiyaga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. 2021 yilda global elektr energiya iste’moli 27,000 teravatt-soatni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich yiliga o‘rtacha 2,7% ga oshib bormoqda. Xalqaro Energetika Agentligining prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga kelib global energiya iste’moli 40% ga o‘sishi kutilmoqda.
Respublikamiz aholisini toza va sifatli ichimlik suv bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish orqali ularning munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda sog‘lig‘ini saqlash maqsadida Prezidentining PF-60-sonli 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga asoslangan holda respublika aholisining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shaharlar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash ko‘zda tutilgan. Odatda Respublikamizda ishlab kelayotgan aksariyat nasos stantsiylarining elektr yuritmalari o‘zgarmas ya’ni bir tezlikli elektr motorlar bilan jihozlangan. Suv ta’minoti korxonalarining nasos agregatlari asosan o‘zgaruvchan yuklamada ishlaydi. Bu esa sohada o‘zgaruvchan tezlikli yoki ko‘p tezlikli motorlarni tadbiq qilishni taqazo etadi. O‘zgaruvchan tezlikli tejamkor elektr motorlarni qo‘llash va ularni boshqarishning innovatsion usullaridan foydalanish nasos stantsiyalarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Maqsad: suv ta’minoti korxonalarining samaradorligini oshirish uchun nasos agregatlarini avtomatik boshqarishning yangi modelini ishlab chiqish va joriy qilishdir. Nasos agregatlarini ishlash jarayonini avtomatlashtirish orqali energiya tejamkorligini oshirish, tizimning ish unumdorligini yaxshilash, va suv ta’minoti tizimining ishlash jarayonlarini optimallashtirishdan iborat.
Usullari: nasos agregatlarini avtomatik boshqaruv modelini ishlab chiqishda Fuzzy mantig‘i usuli hamda Mamdani qaror qabul qilish usullari qo‘llanilgan.
Natijalar: suv ta’minoti korxonasining samaradorligini oshirishda Fuzzy mantig‘i usuli asosida ishlab chiqilgan model nasos agregatlarini suv iste’moli talablaridan kelib chiqib turli xil tezliklarda boshqarish imkonini yaratadi.